Surxondaryoda 6,6 mlrd dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo saylovchilar bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

Viloyatning tuman va shaharlarida sanoat bir maromda oʼsayotgani yoʼq. Bu borada Surxon vohasining Аlloh bergan mavjud tabiiy, noruda va qazilma resurslaridan toʼliq foydalana olmayapmiz. Shuning uchun, viloyatda investitsion va tadbirkorlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, kelgusi besh yilda sanoat tarmoqlarida 6,6 milliard dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 130 mingta yangi ish oʼrinlari yaratiladi.

Viloyat uchun asosiy drayver boʼlgan qurilish materiallari, toʼqimachilik, ipakchilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal kabi sohalardagi loyihalarga alohida eʼtibor beriladi. Jumladan, qurilish materiallari sanoatida 1 milliard dollarlik 900 ta loyihalarni ishga tushirish hisobiga 14 mingdan ziyod ish oʼrinlari yaratiladi, ishlab chiqarish hajmi 5 barobarga koʼpayadi, hamda yiliga 670 million dollarlik import oʼrnini bosuvchi va 280 million dollarlik eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Viloyatda mavjud 64 ta kon toʼliq oʼzlashtirilib, xususiy sektorga beriladi, shuningdek bazalьt, gips, shisha, keramzit uchun xomashyosi, qurilish va pardozbop toshlar va ohaktosh mavjud boʼlgan 75 ta istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari yakuniga yetkaziladi.

Sariosiyo, Sherobod, Boysun va Jarqoʼrgʼon tumanlarida qurilish materiallari ishlab chiqarishga moʼljallangan “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida “Industrial zona”lar tashkil etiladi. Ushbu tumanlarda 20 dan ziyod noruda konlari boʼyicha geologiya-qidiruv ishlariga qoʼshimcha 100 milliard soʼm mablagʼlar ajratiladi.

Bundan tashqari, toʼqimachilik sanoatida 250 million dollarlik 42 ta yirik loyihalarni ishga tushirish natijasida 21 mingta yangi ish oʼrinlari tashkil etiladi va viloyatdagi ip kalavaning qayta ishlash darajasi hozirgi 22 foizdan 60 foizga yetkaziladi, ipakchilik sohasida 165 million dollarlik 58 ta loyiha ishga tushirilib, ipak mato ishlab chiqarish hajmi 2 barobarga, ipak gilamlari hajmi 5 barobarga oshiriladi hamda qoʼshimcha ravishda 18 mingta doimiy va 110 mingta mavsumiy ish oʼrinlari yaratiladi, charm-poyabzal sohasida 120 million dollarlik 37 ta yangi loyihalar ishga tushirilib, hozirgi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlardan tayyor eksportbop poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarni ishlab chiqarishga oʼtiladi. Natijada, 5 mingta yangi ish oʼrinlari va 90 million dollarlik qoʼshimcha eksport imkoniyatlari yaratiladi.