Surxondaryoda pillachilik sohasini yanada rivojlantirishga oid ustuvor vazifalar belgilab olindi

13 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi B.Sharipov ishtirokida Surxondaryo viloyatida pillachilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda viloyatdagi barcha mutasaddilar, viloyat va tuman “Agropilla” MCHJ rahbarlari, agronomlar va qayta ishlash korxonalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Dastlab, 2021 yilning bahor va kuz mavsumlaridagi pilla yetishtirish jarayonlari tahlil qilindi. Unga ko‘ra, joriy yilda erishilgan ko‘rsatkichlarni keyingi yillarda yanada oshirish va eng asosiysi, sifat ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga erishish muhokama qilindi.

2021 yilda 30 571 quti ipak qurtlari parvarishlanib, 1 715 tonna tirik pilla yetishtirilgan bo‘lsa, keyingi 5 yillikda ozuqa bazasini ko‘paytirgan holda 2026 yilda pilla yetishtirish hajmini 2 377 tonnaga yetkazish belgilab olindi.

Joriy yilning yakuniga qadar modernizatsiya tadbirlari va pillani chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish natijasida 169,3 tonna xom ipak, 113,2 tonna ipak momig‘i, 394,8 ming pog.m ipak mato va 424 dona ipak gilamlari ishlab chiqariladi. Bu ko‘rsatkichlarni 2026 yilga qadar 2 barobarga oshirgan holda, 2021 yildagi 6,1 mln dollarlik eksport ko‘rsatkichini 2026 yilda 3 barobardan ham oshirib, 19,6 mln AQSH dollariga yetkazish belgilab olindi.

2026 yilda esa tumanlarda ozuqa bazasini mustahkamlash hisobiga yana 9 ta yangi loyihalar ishga tushiriladi va korxonalar soni 18 taga yetkaziladi.

O‘z-o‘zidan o‘sib borayotgan ko‘rsatkichlar sohada aholi bandligining yanada ortishiga ta’sir etadi. Ayni kunlarda viloyatda pillachilikda 86 mingdan ortiq aholi xizmat qilayotgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 100 ming nafardan ortishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi.