Suvaysh kanali asta-sekinlik bilan odatiy ish tartibiga qaytmoqda

Qutqaruvchi jamoalar Suvaysh kanalida tiqilib qolgan “Ever Given” yuk tashuvchi konteynerini chiqarib olishdi. Bu haqida bugun “Inchcape Shipping” kompaniyasi ma’lumotlariga tayangan holda, Bloomberg axborot agentligi ma’lum qilmoqda. 
Hozircha suv arteriyasidagi qatnov qancha vaqtda iziga tushishi bo’yicha aniq ma’lumotlar berilmayapti. 

O’z navbatida The Wall Street Journal nashri, kanal ma’muriy rahbari Usamu Rabia izohiga binoan, hozirda yuk tashish konteynerining faqatgina bir qismini to’siqdan chiqarish imkoni bo’lganligi haqida ma’lumot bermoqda. Buksirlar kema yo’nalishini tekislashga harakat qilmoqdalar.   

“Bu yaxshi habar, - dedi Rabia. – Biz hali ishlarimizni tugatmadik, ammo konteyner joyidan siljidi”. 

220 ming tonna va 400 m uzunlikdagi yuk tashuvchi konteyner Yaponiyaning “Shohei Kisen” kompaniyasiga tegishli va Panama bayrog'i ostida yuradi. 23-mart kuni kema kuchli shamol va qum bo'roni sababli yo’nalishini o'zgartirgan va kanalning qarama-qarshi qirg'oqlariga burni bilan tiqilib qolgan.