«Tabarruk ziyorat» loyihasini amalga oshirishga doir turkiy davlatlar tashkiloti forumi oʻtkazildi

3-oktabr kuni Qozogʻistonning Turkiston shahrida Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlat tashkilotlari hamda turistik kompaniyalari vakillari ishtirokida “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirishga doir turkiy davlatlar tashkiloti forumi oʻtkazildi.
Taʼkidlash lozimki, 2022-yilning 24-mayida Ozarboyjon Respublikasining Shamahi shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar Turizm sohasi vakillarining VII yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi. Unda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida “Tabarruk ziyorat” loyihasini ishga tushirish va yaqin istiqbolda koʻp tomonlama rivojlantirish borasida qaror qabul qilingan. Bugungi forum aynan shu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.
Forumda Qozogʻistonning turizm sohasi vakillari bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek Samarqand, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrining turizm va madaniy meros bosh boshqarmalari masʼullari ishtirok etishdi.
Forum avvalida Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari Mirvohid Azimov forumga tashrif buyurganlarga minnatdorlik bildirdi va mazkur forum ikki davlat ziyorat turizmi rivoji uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi boshqarma boshligʻi Ibrohim Barnoyev, oʻz oʻrnida, “Tabarruk ziyorat” konsepsiyasining ahamiyati haqida soʻz yuritdi.
Shuningdek, forum davomida “Tabarruk ziyorat” loyihasi doirasida turistlar oqimini koʻpaytirish, sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, turistik mahsulotlarni birgalikda yaratish va sotish, salohiyatli sayyohlar ehtiyoji va qiziqishidan kelib chiqqan holda turistik yoʻnalishlar roʻyxatini tuzish kabi masalalar muhokama qilindi.
Forum yakuniga koʻra, Turkiston va Samarqand viloyatlari oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.






