Tadbirkorlarni qoʼllab-quvvatlash shtabi ishga tushirildi

Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida tadbirkorlarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha Shtab oʼz ishini boshladi.
Unda turli sohalarda, jumladan, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish, tashqi savdo, transport va tranzit salohiyatini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni targʼib qilish, importni optimallashtirish va boshqa muhim yoʼnalishlarda ixtisoslashgan kichik guruhlarga taqsimlangan mamlakat vazirliklari va idoralarining malakali xodimlari faoliyat koʼrsatmoqda.
Shtab xodimlari mahalliy tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar oʼz amaliyotda duch keladigan tizimli va xususiy xarakterdagi muammolarni aniqlash maqsadida ular bilan manzilli tarzda hamkorlik qilib kelmoqda.
Qabul qilingan maʼlumotlar har tomonlama tahlil qilinadi, uning natijalari asosida tizimli muammolarni bartaraf etish boʼyicha takliflar va algoritmlar ishlab chiqiladi. Tadbirkorlarning muammoli masalalari ham puxta oʼrganilib, aniqlangan masalalarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga koʼrsatmalar berilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Shtabda koʼrilayotgan amaliy chora-tadbirlar samaradorligini nazorat qilish mexanizmi joriy qilingan, xususan, tegishli muvofiqlashtiruvchi kichik guruh tadbirkorlar bilan bevosita muloqotda boʼlib, vazirlik va idoralar tadbirkorlarning murojaatlariga qanchalik tez va samarali javob berayotganligini aniqlaydi.
Shtab tunu kun ish olib boradi. Tadbirkor va eksportchilar oʼz muammolari bilan, shuningdek oʼzlarini qiziqtirgan masalalar boʼyicha maslahat olish uchun istalgan vaqtda Shtab xodimlari bilan bogʼlanishlari mumkin. Barcha masalalar qisqa muddatda oʼrganiladi va hal qilinadi.
Murojaatlar, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining koll-markazi tomonidan keyinchalik Shtabga tezkor ravishda yuborish uchun qabul qilinadi.






