Ta’lim taraqqiyot garovidir

Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova UzA axborot agentligi uchun bergan maqolasida dunyo hamjamiyatining O‘zbekiston ta’lim tizimiga bo‘lgan qiziqishi haqida so'z yuritdi.
Dunyo tamadduni beshigini tebratgan, buyuk allomalar, olimu fuzazolar yurti – bugungi – yangi O‘zbekiston buyuk ajdodlari orzu qilgan, intilgan ilm-fan taraqqiyoti davrida ta’limga alohida e’tibor qaratmoqda. Mazkur masala hukumat darajasidagi yondashuvlarda toblanmoqda bugun. Yoshlarimizning jahon fan olimpiadalaridagi munosib ishtirokidan tortib, yil bo‘yi davom etadigan qator imtiyozlar ulashayotgan ko‘riklar, tanlovlar dunyoga yuz tutishni niyat qilgan har bir ilm tolibiga beqiyos motivatsiya maktabidir.
Yaratilayotgan ulkan shart-sharoitlar, moddiy-texnik bazaning qayta va zamonga hamohang yangilanishi va ta’minlanishi buning yaqqol namunasidir. Bugun O‘zbekiston nafaqat mahalliy, balki xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari, davlat va nodavlat Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim muassasalari, sport va musiqa maktablari va internatlari bilan munosib faxrlana oladi.
Bugun maktablar to‘liq isloh qilindi, maktab sari eltuvchi yo‘llarning ta’mirlanishi, transport bilan jihozlanishi o‘sib kelayotgan yosh avlodga ko‘rsatilagyotgan g‘amxo‘rlikning eng yuqori ko‘rinishidir. Adabiyotlaru, texnik jihozlar bilan ta’minlash esa eng ustuvor va dolzarb vazifadir.
Yangi O‘zbekiston ildamlagan yana bir oqilona qadam bu Prezident maktablari va Prezident ta’lim muassasalari agentligining ochilishi bo‘ldi. Eng sara o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilingan mazkur ta’lim muassasalarda albatta jahon tan olajak yetuk olimlar va o‘z ishining mohir ustalari yetishib chiqishi kelajakka tikilgan umidlarimizning biridir.
Agentlik direktori Hilola Umarova UzA axborot portaliga bergan maqolasida dunyo hamjamiyatining O‘zbekiston ta’lim tizimiga bo‘lgan qiziqishini alohida ta’kidlab o‘tgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov jarayonlarini bevosita kuzatish uchun tashrif buyurgan xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabi hamda Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurishganini alohida e’tirof etdi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga Avstriya delegatsiyasi – Avstriyadagi ayollarning Yevropa Ittifoqi qoshidagi Avstriya xalqaro siyosat komissiyasi prezidenti Martina Fasslabend, Inson huquqlari bo‘yicha Malayziya komissiyasining bola huquqlari komissari Noor Aziah Mohd Aval hamda O‘zbekistondagi bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova, Birlashgan Arab Amirliklari Federal Milliy Kengashining parlamentlararo aloqalar bo‘yicha kotibi o‘rinbosari, Germaniyaning "Mangol Consulting" kompaniyasi rahbari Klaus Mangold, O‘zbekiston-BAA parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi hamraisi Nidal Muhammed bin Shirbak al Basti boshchiligidagi delegatsiyalar tashrif buyurdi.
Hilola Umarova bu borada olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida gapirar ekan: “Shuningdek, imkoniyati cheklangan yoshlarni o‘qitish va moslashtirilgan ta’lim bo‘yicha Fransiya Oliy Milliy ta’lim va tadqiqot instituti direktori Jak Mikulovich Prezident ta’lim muassasalari agentligida bo‘lib, o‘zaro hamkorlik aloqalari borasida fikr almashdi. Uchrashuvda tomonlar Agentlik tasarrufidagi maktablarda inklyuziv ta’lim sohasi, xususan bu sohadagi o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish istiqbollarini muhokama qilishdi.
24 oktabr O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish maqsadida kelgan delegatlarning tashrif doirasida yurtimizdagi maktablar faoliyati bilan yaqindan tanishishi, ta’lim tizimida olib borilayotgan ishlar haqida kengroq ma’lumot va tasavvurga ega bo‘lishi bu o‘z navbatida O‘zbekistonning xalqaro dunyodagi imidjini oshishiga va e’tirof etilishiga hissa qo‘shadi” deya ta’kidlab o‘tdi.






