Tanzila Narbaeva: Аyollar tadbirkorligi iqtisodiy oʼsish va barqaror rivojlanishning muhim drayveri hisoblanadi

Oliy Majlis Senati Raisi, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʼzbekiston Respublikasi delegatsiyasi joriy yilning 13-15 oktyabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida boʼlib oʼtgan uchinchi Yevroosiyo ayollar forumida ishtirok etdi.
13 oktyabrь kuni T.Narbayeva “BMT-Аyollar” tuzilmasi tomonidan tashkil etilgan “Аyollar tadbirkorligi aqlli iqtisodiyotning poydevori sifatida: barqaror va teng yechim” deb nomlangan maxsus sessiyada nutq soʼzladi.
Oʼzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari oʼz nutqida jahon aholisining yarmini tashkil etuvchi ayollar erkaklar singari iqtisodiy oʼsishning harakatlantiruvchi kuchi ekan, iqtisodiyot xotin-qizlar ishtirokisiz oʼz salohiyatini toʼla amalga oshira olmasligini taʼkidladi.
T.Narbayeva qayd etganidek, inqiroz nozik jins vakillari anʼanaviy faol boʼlgan iqtisodiyot tarmoqlariga putur yetkazgan pandemiya davrida ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish dolzarb vazifaga aylandi. “Аyollar tadbirkorligi, xususan, ular rahbarlik qilayotgan kichik va oʼrta biznes subʼektlari qoʼllab-quvvatlanishi hamda ragʼbatlantirilishi pandemiyadan keyin iqtisodni tezroq tiklashga, ijtimoiy integratsiyaga, qashshoqlikni kamaytirishga va umuman barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga koʼmaklashadi”, – dedi Oʼzbekiston Senati Raisi.
Oʼzbekiston delegatsiyasi rahbari oʼz nutqida BMT koʼmagida 2020-yilda tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti ishi haqida ham soʼzlab berdi. T.Narbaeva taʼkidlaganidek, bu yilgi muloqotga raislik qilish doirasida Oʼzbekiston tomoni ushbu tuzilmani mintaqa xotin-qizlari oʼrtasida har tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirishga, ular oʼrtasida mintaqaviy va ikki tomonlama tadbirkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼyish va mustahkamlashga koʼmaklashishga qaratilgan maslahat va tajriba almashish imkonini beradigan mustahkam platformaga aylantirmoqchi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti raisi ushbu platforma doirasida oʼtkazilayotgan tadbirlar amaliy natijalar berayotganini taʼkidladi. Masalan, mintaqaning ishbilarmon ayollari 20 mln АQSh dollaridan ortiq miqdorida hamkorlik shartnomalari va memorandumlarni imzoladi.
Mintaqa tarixida birinchi marta Markaziy Osiyo mamlakatlari ishbilarmonlari va taklif etilgan xalqaro ekspertlar ishtirokida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish sohasida fikr, tajriba va eng yaxshi amaliyot almashish, shuningdek, savdo-sotiqni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun platforma yaratilmoqda.
“Barcha ushbu tadbirlar Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalar va amaliy hamkorlikni yoʼlga qoʼyish hamda rivojlantirishga xizmat qiladi”, – deb xulosa qildi Oʼzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari.






