"Tanzila Narbayeva tashabbusi bilan ayol deputatlar va mintaqaning yetakchi ayollari oʼrtasida yaqin aloqalar yoʼlga qoʼyildi," - Talant Mamitov

 
2021-yil 21-sentabr kuni Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiyasining Qirgʼiziston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Qirgʼiziston Respublikasi Jokorku Keneshi Toragʼasi Talant Mamitov bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.
 
Unda ikki mamlakat oʼrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
 
Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqalar va ikki mamlakat poytaxtlari oʼrtasida hamkorlik qilish nuqtai nazaridan munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
 
T. Mamitov parlamentlar oʼrtasidagi hamkorlik samarali tus olayotganini taʼkidladi. Xususan, Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva tashabbusi bilan ayol deputatlar va mintaqaning yetakchi ayollari oʼrtasida yaqin aloqalar yoʼlga qoʼyilganini qayd etdi.
 
Tomonlar parlament nazoratini amalga oshirishda tajriba almashish, qonunchilik faoliyati sohasida hamkorlikni yoʼlga qoʼyish va parlament diplomatiyasini faol targʼib qilishdan manfaatdorligini bildirdi.