Tarixiy ahamiyatga ega Samarqand sammiti

Xabar berganimizdek, 11-noyabr kuni Samarqand shahrida xalqaro miqyosidagi muhim siyosiy tadbir “Turkiy Davlatlar Tashkilotining birinchi sammiti” o’tkazildi. Sammitda 5 ta aʼzo mamlakat - Oʼzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʼiston, Qirgʼiziston hamda 2 ta kuzatuvchi - Turkmaniston va Vengriya mamlakatlari rahbariyati ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, turizm, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlar o‘rtasida fan va ta’lim, texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida tinchlik va do‘stlik ramzi, fan va ma’rifat markazi bo‘lmish Samarqand shahrini “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani uchun sammit ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi.

Ta’kidlash joizki sammitda O’zbekiston Prezidenti TDT doirasida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlаr hududini” barpo etish tashabbusini bildirdi. Shuningdek, tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda, har yili “Xаlqаro turkiy iqtisodiy forumi”ni oʼtkazishni, kelgusi yili yurtimizda “Turkiy dunyo yoshlаrining ilm vа innovаtsiyalаr xаlqаro kongressi”ni oʼtkazishni taklif qildi.

Sammit yakunlari bo’yicha 10 dan ortiq hujjat davlat rahbarlari tomonidan imzolandi. Tadbirning asosiy hujjati aʼzo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar boʼyicha mujassamlashgan pozitsiyalari oʼz ifodasini topgan Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti Deklaratsiyasi bo’ldi.

Qozog’iston Prezienti taklifiga binoan, 2023-yil Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammiti Qozog’istonda o’tkazilishi kelishildi.

Qayd etish joizki, soʻnggi uch yilda Turkiy Davlatlar Tashkiloti Bosh kotibi Bagʻdod Kultayevich Amreyevning vakolat muddati yakunlandi. Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi lavozimiga Kubanichbek Omuraliyev nomzodini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, sammit doirasida Registon maydonida tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar Davlat Rahbarlari ishtirokida “Yashil makon” loyihasi doirasida koʼchat ekish tadbiri boʼlib oʼtdi.