«Tashkent index»da talabalar uchun vaqtinchalik turar joy tashkil etiladi

"Tashkent index"da tashkil etiladigan talabalar yotoqxonasi atrofida qator ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari mavjud bo‘lib, yoshlarning istagiga ko‘ra, ular o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ish bilan band bo‘lishlari ta’minlanadi.
Toshkent shahar hokimligida talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash masalasiga doir yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va poytaxtdagi sektorlar rahbarlari, Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov va shahrimizdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Toshkent shahar hokimi ayni kunda poytaxtga kelgan ko‘plab yoshlarni qulay sharoitlarga ega turar joy bilan ta’minlashda muammoga duch kelinayotganligiga e’tibor qaratib, ularga munosib infratuzilmaga ega vaqtincha joy taqdim etish zarurligini ta’kidladi.
Oliy ta’lim vazirligi rahbariyati va rektorlar turar joyga ehtiyoj sezayotgan talabalar ro‘yxatini shakllantirsalar, ularning talabnomasiga muvofiq joy tayyorlanishini aytib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, ijarada yashashga hamma talabaning ham cho‘ntagi ko‘tarmaydi, ehtiyojdagi talabalar turar joyini qurish katta mablag‘ va vaqtni talab etadi.
“Albatta, bu masala ham o‘z navbati bilan hal etiladi. Hozir esa, muhimi, joriy yilda qurilayotgan talabalar yotoqxonalari bitkazilib, foydalanishga topshirilguniga qadar o‘qishga kelgan yoshlarni vaqtincha turar joy bilan ta’minlash, — dedi J.Ortiqxo‘jayev”. "Tashkent index''dagi sharoit hamda qulayliklar ayni paytda masalani tez va samarali hal etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, hokim bugungi kunda" Tashkent index"da yashash uchun zarur infratuzilma shakllanganligi, bu yerda yoshlar vaqincha boshpana bilan ta’minlanishlari, xavfsiz bo‘lishlari, ovqatlanish va transport qatnovida ham muammo tug‘ilmasligini bildirdi.






