Tasviriy san'atda paydo bo'lgan yangi yo`nalish e'tirof etilmoqda

O‘tgan yildagi pandemiya davrida Toshkent shahrining Sergeli tumanida yosh rassom Xasan Maycheev tomonidan yaratilgan mural ko‘pchilikka manzur keldi. Asar shifokorlar fidoiyligiga bag‘ishlangan edi. Tibbiyot xodimlariga san'at orqali ehtirom ko‘rsatish tashabbusi barchaga ma'qul keldi va o‘zbek tasviriy san'atida yangi janr rivojlanishiga ham turtki bo‘ldi.
Ushbu mavzuga bag'ishlangan maqola O'zbekiston Respublkasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaevaning rasmiy telegram kanalida chop etildi. Unda aytilishicha, Tanzila Kamalovna bu qadar dolzarb va vatandoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otayotgan tasviriy sana'tning yangi yo'nalishi barchaga birdek mamnun bo'layotganidan juda xursand.
Tashabbuskor rassom-illyustratorlarning ko‘p qavatli uylarning devorlarida sportchilarimizning Tokio-2020 olimpiadasidagi chiqishlariga bag‘ishlangan murallarni yaratish va ularning sportdagi yutuqlarini tarixga muhrlash taklifi barchani quvontirdi.
Senat Raisi shaxsan ushbu tashabbus g‘oyasini qo‘llab -quvvatlashini, uning amalga oshishi Vatanimiz sharafini yuksaltirayotgan sportchilarimizga chuqur ehtiromimiz belgisi ekanligini ta'kidladilar.
Maqola so'ngida bunday tashabbuslar yurtimizda iqtidorli va faol yoshlar ko‘p ekanining yana bir isboti ekanligi aytib o'tilgan. San'atni qo‘llab-quvvatlash zarur. Aslida tarix san'atda o‘z aksini topadi. San'atning Strit-art va pablik-art kabi zamonaviy yo‘nalishlari ijodkor yoshlarimiz qo‘lida shahar muhitiga o‘zgacha tarovat beruvchi vositaga aylanib borayotganiga urg'u berildi.






