Tatariston prezidenti Chirchiq texnoparkining ochilish marosimida ishtirok etdi

Rustam Minnixonov O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent viloyatidagi Chirchiq kimyo-sanoat texnoparkining ochilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Tatariston prezidenti matbuot xizmati.

Texnoparkning ochilish marosimida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov mazkur tadbir O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning tiklanishi va rivojlanishining yangi bosqichi ramzi va Tatariston bilan hamkorlik namunasi ekanini ta’kidladi.

Marosim Toshkent hokimligi va Tatariston hukumati o‘rtasida 2022-2023- yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasi hamda Tataristonning bir qator kompaniyalari bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarning imzolanishi bilan yakunlandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida sanoat parkini tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari 2018-yilda boshlangan edi. 2021-yilda “O‘zbek o‘tga chidamli va issiqlikka bardoshli metallar kombinati” AJ va “Maksam-Chirchiq” AJning foydalanilmayotgan binolari negizida Chirchiq shahrida sanoat parkini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ayni paytda bo‘lajak texnopark hududida ikkita bino rekonstruksiya qilinib, sanoat parkining bitta yangi binosi qurilmoqda.