Tatariston prezidenti O'zbekiston delegatsiyasini qabul qildi

9 sentyabr kuni Qozon shahrida Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari-Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovni qabul qildi.

Tatariston Prezidenti yuqori darajali barcha tashriflar, hukumatlararo va idoralararo doimiy uchrashuvlar O‘zbekiston hamda Tatariston o‘rtasidagi samarali va barqaror hamkorlikning yorqin dalili ekanini taʼkidlab, O‘zbekiston delegatsiyasining Qozon shahriga tashrifi buni yana bir bor tasdiqlashini qo‘shimcha qildi.

Rustam Minnixanov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Tatariston Respublikasi bilan hamkorlikka bo‘lgan eʼtibor va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildirdi.

Aziz Abduhakimov, o‘z o‘rnida, O‘zbekiston-Tatariston o‘rtasida ko‘p tomonlama, xususan turizm, madaniy meros va sport sohalarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish haqida so‘z yuritdi va bunda xalqaro tadbirlarning o‘rni nihoyatda muhim ekanini taʼkidladi.