Tatariston – O’zbekiston: hamkorlikning investitsiyaviy bosqichi

Joriy yilning 11 - yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzakov va Tatariston Respublikasi Prezidenti R.N. Minnixanov oʼrtasida videokonferensiya tarzida muzokaralar boʼlib oʼtdi.

Muzokaralarda Oʼzbekistonning Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari, shuningdek, Tatariston idoralari va yirik kompaniyalarining rahbarlari ishtirok etdi.

Muzokaralar chogʼida Oʼzbekiston va Rossiya Federatsiyasi oʼrtasidagi hududlararo hamkorlik doirasida qoʼshma loyihalarning amalga oshirilishi muhokama qilindi va ularni ilgari surish boʼyicha tadbirlar kelishib olindi. Kimyo, neft-gaz, avtomobilsozlik, tibbiyot uskunalari va robototexnika, uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish, ilmiy-texnik va innovatsion sohadagi hamkorlik yoʼnalishlarida keng koʼlamli loyihalarni hayotga joriy etish bilan bogʼliq barcha masalalar atroflicha koʼrib chiqildi.

Tomonlar munosabatlarni mustahkamlash va amaliy hamkorlikning barcha jihatlari yuzasidan kelishib olish maqsadida yaqin kelajakda Tatariston Respublikasi Sanoat va savdo vazirligi hamda yirik kompaniyalar rahbariyati bilan manzilli muzokaralar olib borish uchun uning Oʼzbekiston hududlariga tashrifini tashkil etish borasida yakdil fikrga keldilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud loyihalarni ilgari surishni jadallashtirish hamda Tatariston va Oʼzbekiston Respublikasi hukdudlari oʼrtasida ustuvor yoʼnalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʼyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida koʼrib chiqilgan hamkorlik yoʼnalishlari doirasida muntazam muloqotni faollashtirish taklifini qoʼllab-quvvatladilar.