Tatyana Valovaya: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament asosiy hal qiluvchi omil

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Bosh kotibi oʼrinbosari, BMTning Jeneva shahridagi boʼlinmasi bosh direktori Tatyana Valovayani qabul qildi. Uchrashuvda Oʼzbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʼrtasidagi koʼp qirrali faol va samarali hamkorlikka oid muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Senat Raisi T.Narbayeva keyingi yillarda Oʼzbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarilganini, Oʼzbekiston BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa yirik xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiqligini namoyon etib, oʼz majburiyatlarini soʼzsiz bajarib kelayotganligini taʼkidlab oʼtdi.

Suhbat chogʼida Oʼzbekiston va BMT oʼrtasida samarali hamkorlikning turli yoʼnalishlari, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha boʼlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʼyicha Parlament komissiyasi tuzilgani, ularning bajarilishi boʼyicha hukumatning faoliyati yuzasidan muntazam nazorat olib borilishi taʼkidlab oʼtildi.

BMT Bosh kotibi oʼrinbosari Tatyana Valovaya Oʼzbekiston va BMT oʼrtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlarni qayd etib, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qonunchilikni doimiy takomillashtirish orqali amalga oshirish muhimligini, bunda parlament asosiy hal qiluvchi omil ekanini taʼkidladi.

Muloqot davomida inson huquq va erkinliklarini, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning teng huquqliligi va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari eʼtibor markazida boʼldi.