TDT sammitida Anqara delkaratsiyasi qabul qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-mart kuni Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammitida ishtirok etdi.

O‘zbekiston yetakchisi raisligida o‘tgan tadbirda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar, TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev hamda Tashkilot institutlari va tuzilmalarining boshqa vakillari qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam ko‘rsatish sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari hamda tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, bugungi uchrashuv hamda fojia kunlarida Tashkilot mamlakatlari Turkiyaga ko‘rsatgan birodarlik yordami turkiy xalqlar eng mushkul damlarda bir-biriga mustahkam tayanch va suyanch bo‘layotgani, ularning do‘stligi va birdamligi qudratli kuch ekanining yaqqol amaliy tasdig‘idir.

    Hozirgi sinovli davrda qardosh turk xalqi Turkiya yetakchisi atrofida jipslashib, o‘zining beqiyos jasorati va mardligi, metin irodasi va yuksak safarbarlik ruhini namoyon etdi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat obyektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga yordam berish va birgalikdagi sa’y-harakatlarni yo‘naltirishga tayyorligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari Tashkilot doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili markazini tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish tashabbusini ilgari surdi.

Sammit yakunida Anqara delkaratsiyasi qabul qilindi, Turkiy investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi hamda fuqaro muhofazasi mexanizmini shakllantirish yuzasidan bitimni tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.