“TechnoWays” marafonida startaplar saralab olindi

Joriy yilning 21-sentyabr kunidan Samarqand viloyatida start olgan “Technoways” marafoni 4 kun davomida yoshlarning texnologik bilim va tajribalarini oshirishga xizmat qildi.

Marafon doirasida interaktiv burchak, hududiy loyihalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bu ko‘rgazmada professor-o‘qituvchilar, olimlar, talabalar va iqtidorli o‘quvchi yoshlar ham innovatsion, texnologik, ilmiy, startap loyiha va ishlanmalari bilan ishtirok etishdi.

“TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni doirasida Konigil turistik zonasiga hamda Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan ham tanishtirish maqsadida “Innotur” uyushtirildi.

Bundan tashqari “TechnoWays“ texnologik rivojlanish marafoni doirasida startap jamoalari hamda mentorlar bilan master-klasslar ham bo‘lib o‘tdi. O‘z sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan ekspertlar tomonidan yoshlarning taqdim etayotgan loyihalaridagi mavjud kamchiliklarni to‘ldirish maqsadida takliflar va o‘rinli maslahatlar berildi.

Marafon ishtirokchilarining jamoadan tarkib topgan a’zolarining loyihalari saralanib, g‘olib bo‘lgan loyiha egalari Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan vaucher pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.