Tenderlarda qatnasha oladigan qurilish korxonalari soni 18 mingga yetdi

Yigʼilishda soʼnggi besh yilda qurilish sohasi iqtisodiyotimizning “drayver” yoʼnalishiga aylangani taʼkidlandi.

Bu davrda:

250 ming xonadonli 8 mingdan ortiq koʼp qavatli uylar, 21 ming servis-xizmat koʼrsatish va 10,5 ming ijtimoiy soha obyekti qurildi, 31 ming korxona tashkil etildi;

qurilishda ruxsat berish jarayonlari 17 tadan 6 tagacha, yer ajratishdan boshlab qurilishga ruxsat olishgacha boʼlgan muddat 286 kundan 86 kunga qisqardi;

“Shaffof qurilish” dasturi yaratilib, tenderlarda qatnasha oladigan qurilish korxonalari soni 18 mingga yetdi;

natijada qurilish ishlari hajmi 4 baravarga oshib, 2021 yilda 107 trillion soʼmni, joriy yil 5 oyida esa 46 trillion soʼmni tashkil etdi.

“Ochiq aytish kerak, tadbirkorlarimiz qurilish qilish va qurilish materiallari ishlab chiqarishni oʼrganib oldi.

Lekin sohada hali yechimini kutayotgan eng katta masala, bu – loyihalash va sifat.

Loyihalarga toʼgʼri yechim topish, mahalliy materiallarni ishlatish orqali qurilish qiymati va tannarxini bemalol 10 foizga kamaytirsa boʼladi.

Bu har yili 10 trillion soʼmni iqtisod qilib, boshqa ehtiyojlarga ishlatish mumkin, degani”, deb taʼkidladi Prezident.