Termizdagi yangi Xalqaro savdo markazining loyihasi Prezidentga taqdim etildi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Termiz xalqaro savdo markazining loyihasi bilan tanishdi, deb xabar qildi davlatimiz rahbarining matbuot xizmati.
Ma'lumotlarga ko'ra, yangi savdo markazi 26 gektar maydonga ega bo'lib, u yerda mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash, qadoqlash va sotish uchun terminallar joylashgan bo'ladi. Barcha kerakli infratuzilma yaratiladi.
Loyiha 1800 chakana savdo shoxobchalarini, 50 ming kishilik logistika markazini, 400 o'rinli ikkita mehmonxonani, shifoxonalarni va avtomobillarga texnik xizmat ko’rsatish punktlarini o'z ichiga oladi. Binolarning birinchi qavatida do'konlarni, ikkinchisida esa yengil sanoat korxonalarini joylashtirish rejalashtirilgan.
Loyihaga jami sarmoya 75 million dollarni tashkil etadi. Hisob-kitoblarga ko’ra, Markazning tovar aylanmasi yiliga 500 million dollarni tashkil etadi. Markaz orqali 192 million dollarlik eksport amalga oshiriladi.
Loyiha qurilishining boshlanishiga O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasidan 10 million dollar ajratildi.
Davlatimiz rahbari markaz binolarini yengil konstruksiyalardan qurish, viloyat tadbirkorlarini markazga xizmat ko'rsatish va eksportga jalb qilish, shuningdek, xorijiy ishbilarmonlar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.