Terrorizm-ekstremizmga qarshi muvaffaqiyatli kurashishning muhim sharti samarali yoshlar siyosatidir

O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Dushanbe shahrida bo’lib o’tayotgan "Terrorizmga qarshi kurashish va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasidagi xalqaro hamda mintaqaviy hamkorlik" mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferentsiyada so’zga chiqdi.

Forum ishtirokchilariga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning global va mintaqaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashda jahon hamjamiyatining sa'y-harakatlarini birlashtirish bo'yicha tashabbuslari haqidagi ma’lumotlarni taqdim qildi.

Xususan, konferensiya qatnashchilariga davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyoda kiberterrorizm bo‘yicha Yagona elektron tizimni yaratish to’g’risidagi taklifiga e’tibor qaratilib, uning maqsadi kiberterrorizm sohasida tajriba va ma’lumotlar, tadqiqotlar hamda eng yaxshi tajribalar almashinuvini rivojlantirishdan iboratligi ma’lum qilindi.

Mintaqada aksilterror strategiyani amalga oshirishni muvaffaqiyatli davom ettirish Qo‘shma harakatlar rejasi ijrosining borishini doimiy monitoring qilish va tanqidiy baholash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamjihatlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish mexanizmlarini kuchaytirishni taqozo etadi. Shu munosabat bilan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqamizda BMT Aksilterror boshqarmasining ofisini ochish hamda uning tegishli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan yaqin munosabatlarini ta’minlash tashabbusini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Terrorizm va ekstremizmga qarshi muvaffaqiyatli kurashning eng muhim sharti bu samarali yoshlarga oid siyosatdir. Turli yoshdagi insonlar o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga da’vat etish, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlash maqsadida O’zbekiston Prezidenti tomonidan Avlodlar muloqotini yo’lga qo’yish taklif qilingan. Bu formatdagi ilk uchrashuvni mamlakatimiz Yosh yetakchilar forumi doirasida 2023-yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazishga tayyorligi bildirildi.