O’zbekistonda toʼgʼri ovqatlanish va sogʼlom turmush tarzi boʼyicha umummilliy harakat boshlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni ijtimoiy sohalarga masʼul rahbarlarni qabul qildi. Unda taʼlim va tibbiyot sifati, ilm-fan va madaniyat rivoji, yoshlar hayoti kabi sohalardagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, joriy yildan boshlab oʼquvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasbga oʼrgatish Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining eng ustuvor vazifasi boʼladi.

Bundan tashqari, institut va universitetlarning faoliyati isloh qilinib, malakali kadrlar tayyorlash, ilm bilan ishlab chiqarish integratsiyasi kengaytiriladi.

Yigʼilishda shuningdek, teatr, musiqa va kino sohalarini rivojlantirish, maqom va baxshichilikni asrab-avaylash muhimligi taʼkidlandi. Xalqimiz madaniyati va tabiat maskanlarini keng targʼib qilib, turistlarga sharoitlarni yaxshilash boʼyicha vazifalar belgilandi.

Bugungi kunda aholining 56 foizida ortiqcha vazn, 30 foizida surunkali kasalliklar bor. Shu bois Oʼzbekistonda “Toʼgʼri ovqatlanish va sogʼlom turmush tarzi” umummilliy harakati boshlanishi maʼlum qilindi.

Shuningdek, tibbiyot taʼlimiga ilgʼor xorijiy tajribani joriy qilish, tizimni raqamlashtirish va tibbiy sugʼurtani yoʼlga qoʼyish orqali xizmat sifatini oshirish boʼyicha koʼrsatmalar berildi.