Tojikistonda "Made in Uzbekistan" ko'rgazma zali ochildi

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida "Made in Uzbekistan" ko'rgazma zali ochildi. Ushbu zalda O'zbekistonning 15 ta sanoat ishlab chiqaruvchilari o'z mahsulotlarini taqdim etadi.

Ushbu tashabbus mamlakatimiz eksport salohiyatini ilgari surish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan amalga oshirildi.

Ko'rgazma maydoni 600 kvadrat metrni tashkil qiladi va namoyish etiladigan mahsulotlar orasida qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, to'qimachilik va tayyor kiyim-kecha, charm aksessuarlari va turli xil poyabzal mahsulotlari, ipak mato buyumlari, elektronika va maishiy texnika, mebel, santexnika, va zargarlik buyumlari namunalari bor.

Ta'kidlab o'tish kerakki, ko'rgazma zali O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishning samarali vositasiga aylanishi kutilmoqda.