To'qayev Qozogʼiston va Oʼzbekiston oʼrtasidagi mahkumlarni almashish toʼgʼrisidagi bitimni tasdiqladi

Ma’lum qilinishicha, Qozogʼiston Prezidenti Qasim-Jomart To'qayev Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslarni jazoni davom ettirishi uchun o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi.

Shartnoma shartlariga ko‘ra, mahkumlarni almashish uchun birinchi navbatda mahkumning roziligi olinishi kerak. Shaxs o‘z mamlakatida jazoni o‘tash niyati haqida ariza berishi lozim.

Qayd etilishicha, jinoyatchilarni topshirish uchun mahkumning arizasi, uning fuqaroligi, shuningdek, taraflar roziligi talab qilinadi. Jazoni o‘tash muddati kamida bir yil bo‘lishi kerak. Mahkumlar mamlakat suvereniteti va milliy qonunchilik xavfsizligiga putur yetkazadigan bo‘lsa, shuningdek, shaxsga nisbatan sud yoki tergov davom etayotgan vaqtda moliyaviy qarzlari bo‘lsa, ekstraditsiya qilinmaydi.

Ma’lum bo’lishicha, bugungi kunda Qozogʼistonda 486 nafar Oʼzbekiston fuqarosi jazo muddatini oʼtamoqda. Oʼzbekiston qamoqxonalarida esa 20 nafar qozogʼistonlik bor.