Toqayevning inauguratsiyasi 26-noyabr kuni bo'lib o'tadi

Qozog'istondagi prezidentlik saylovida Qosim-Jomart Toqayev g'alaba qozongani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum qilinishicha, saylovchilarning 6 456 492 nafari yoki 81,31 foizi Qosim-Jomart Toqayevga ovoz bergan.
"Markaziy saylov komissiyasi Qosim-Jomart Toqayevni Qozog‘iston Respublikasining saylangan prezidenti sifatida ro‘yxatga oldi. Saylangan prezident tomonidan qasamyod qabul qilish sanasi 26-noyabr deb belgilandi”, — dedi MSK raisi Nurlan Abdirov.
MSK majlisida Qozog‘istonda 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovining yakuniy natijalari ham e’lon qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri Yerulan Jamaubayev prezident inauguratsiyasiga qo‘shimcha mablag‘lar ajratilmasligini ma’lum qildi.
“Prezident inauguratsiyasiga qo‘shimcha ravishda moliyaviy mablag‘lar budjetidan ajratilmaydi. Prezident tomonidan qasamyod qabul qilinishi katta mablag‘ talab etadi, deb o‘ylamayman. Shuning uchun biz tomonimizdan hech qanday qo‘shimcha mablag‘lar ajratilmaydi”, — dedi Jamaubayev.






