Toshkent badiiy va sport gimnastikasi boʻyicha litsenzion OChga mezbonlik qiladi

14-16-yanvar kunlari Qatar poytaxti Doxa shahrida Osiyo gimnastika ittifoqining (AGU) navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbirning birinchi kuni Ijroiya qoʻmitaning yigʻilishi doirasida texnik masalalar, jumladan, 2023-2024-yillarda gimnastikaning barcha yoʻnalishlari boʻyicha Osiyo chempionatlarini oʻtkazishga nomzod davlatlar masalasi koʻrib chiqildi.

Ovoz berish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi mamlakatimizda quyidagi musobaqalarni oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritdi:

Akrobatika boʻyicha Osiyo chempionati – 2023-yil oktabr;
Sport gimnastikasi boʻyicha XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi yoshlar va kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionati – 2024-yil may;
Badiiy gimnastikasi boʻyicha XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi yoshlar va kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionati – 2024-yil may;
Sport gimnastikasi murabbiylari uchun oʻquv kursi – 2023-yil;
Parkur murabbiylari uchun oʻquv kursi – 2023-yil.