Toshkent dunyoning eng arzon shaharlari Top-10 taligidan joy oldi

AQShning «Mercer» kompaniyasi dunyoning eng qimmat va eng arzon shaharlari reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Gonkong eng qimmat shahar deb topilgan bo‘lsa, Anqara esa eng arzon shahar deya e’tirof etildi. Toshkent esa arzon shaharlarning Top-10 taligida yettinchi o‘rinni band qildi.
27 yildan beri tuzib kelinayotgan reytingda shaharlardagi valyuta kurslarining o‘zgarishi, inflyatsiya, turar joy narxlarining beqarorligi kabi muhim faktorlarni hamda transport, kiyim-kechak, oziq-ovqat, tibbiy xizmatlarni jamlagan 200 dan ortiq tovar va xizmatlarni baholanishini hisobga olgan.
«Global sog‘liqni saqlash inqirozi va Ukrainadagi mojaro tufayli kuchaygan inflyatsiya hamda valyutaning o‘zgaruvchanligi xalqaro iqtisodiy muvozanatlarga va har birimiz uchun yashash narxiga ta’sir qilmoqda», — deb yozgan kompaniya.
Mazkur reytingda jahon bo‘yicha 227 ta shahar ishtirok etgan, faqat «Mercer» ro‘yxatga Rossiya va Ukraina davlatlaridan biror shaharni kiritmagan. Yashash qiymatini belgilashda o‘rinlar eng qimmatidan eng arzoniga qadar davom etgan.
Eng arzon shaharlar 10 taligiga esa aholisining ko‘pchilik qismini musulmonlar tashkil etuvchi shaharlar kirgan. O‘zbekiston poytaxti Toshkent bu reytingda 221-o‘rinni egallab, arzon shaharlar ichida 7 o‘rinni qayd etgan.
Qozog‘istonning Olmaota shahri 219-o‘rin, Dushanbe 225-o‘rin, Bishkek esa 226-o‘rinda turibdi. Reytingni esa Turkiya poytaxti — Anqara (227-o‘rin) tamomlab, dunyo bo‘yicha yashash uchun eng arzon shahar deb e’tirof etildi.






