Toshkent hokimi Konstitutsiya loyihasi propagandasi haqidagi qarorini bekor qildi

Toshkent hokimi v. b. Shavkat Umurzoqov yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi loyihasi propagandasi bo‘yicha targ‘ibot guruhlarini tuzish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi. Bu haqdagi qaror E-qaror portalida e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, qarorning bekor qilinishiga Toshkent adliya boshqarmasining 31-martdagi taqdimnomasi sabab bo‘lgan. Taqdimnoma kiritish sabablari haqida ma'lumot berilmagan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi loyihasi propagandasi bo‘yicha targ‘ibot guruhlarini tuzish to‘g‘risidagi hokim qarorida poytaxtning mahalla va tumanlarida “Ma’naviyati yuksak va obro‘-e’tiborga ega” nuroniy va oqsoqollar, jamoatchilik vakillari, yoshlar, ta’lim, madaniyat, san’at, adabiyot sohasi vakillari va tashkilotlar rahbarlaridan iborat targ‘ibot guruhlari tuzilishi kerakligi belgilangan edi.
Bekor qilingan qaroqrga muvofiq guruhlar tarkibida 1000 dan ortiq kishi, jumladan, oqsoqollar, o‘qituvchi, shifokor, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va boshqalar kiritilishi, ularga 11 mingdan ziyod mahalla faollari yordam berishlari kerak edi.






