Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ortiq bo'lishi kutilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-iyun kuni Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishini borib ko‘rdi.
Pandemiyadan keyingi va hozirgi iqtisodiy qiyin sharoitda ijtimoiy loyihalarga pul ajratadigan davlatlar juda kam. Mamlakatimizda odamlarning mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan xayrli ishlar bir zum to‘xtagani yo‘q.
2020-yilda Toshkent yerusti halqa metrosining “Do‘stlik-2” bekatidan “Qo‘yliq” bekatigacha bo‘lgan birinchi bosqichi qurilgan edi. Bugungi kunda Qo‘yliqdan Sergeli yo‘nalishining 5-bekatiga eltuvchi ikkinchi bosqich barpo etilmoqda. Hozirgi kungacha 200 dan ziyod tayanch ustunlar o‘rnatilib, estakadalar qurilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu ishlarning sifatini ko‘zdan kechirdi.
“Yerusti metrosi qurish tajribamizda yo‘q edi. Biz yangi tarix yaratayapmiz. Shuning uchun yo‘lning mustahkamligini yana bir marta jiddiy ko‘rib chiqish kerak. Ikkinchidan, metroda, bekatlarda odamlar uchun zamonaviy, elektron xizmatlarni ko‘paytirish zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yerusti metrosining qariyb 12 kilometrlik bu qismida 7 ta bekat bo‘ladi. Ular orasidagi qatnov vaqti 13 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.
Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 32 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi mumkin.
Umuman, ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 600 minggacha yetadi. 245 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shu yerda Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish va metropolitenda yo‘lovchilarni ko‘paytirish loyihalari taqdimot qilindi.






