Toshkent metrosining yer usti bekatlarini nomlash ovozga qo‘yildi

Toshkent shahar hokimligi aholini metroning soʻnggi yillarda ochilgan 19 ta yangi bekatiga nom qo‘yish uchun ovoz berishga taklif qildi. Jarayon 4-apreldan 18-aprelga qadar davom etadi.
Hokimlik huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti geografik obyektlar — ko‘chalar, maydonlar, metro bekatlari va boshqalarga nom berish bo‘yicha takliflarni qabul qilish uchun geonom.tashkent.uz platformasini ishlab chiqqandi. Saytda metropoliten yer usti liniyasining Do‘stlik-Qo‘yliq va Olmazor-Sergeli yo‘nalishlaridagi 19 ta bekatiga nom berish bo‘yicha takliflar yig‘ilgan.
Hokimlik takliflar tayyorlash davomida mahalliy aholi fikrini o‘rganish maqsadida poytaxt aholisini ovoz berish yo‘li bilan ushbu jarayonda ishtirok etishga taklif qildi. Jarayon geonom.tashkent.uz platformasida 4-aprel kunidan 18-aprelga qadar davom etadi.
Metro bekatlari nomlari bo‘yicha o‘tkazilgan ovoz berish natijalari Transport vazirligiga tegishli takliflarni tayyorlash va keyinchalik ularni Vazirlar Mahkamasiga qaror qabul qilish uchun kiritishga taqdim etiladi.
“Transport vazirligi huzuridagi taniqli olimlar, tarixchilar, filologlar, toponimistlar va boshqa soha mutaxassis-ekspertlari, shuningdek, OAV vakillari, blogerlardan iborat ishchi guruh “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonuni talablari asosida hamda davlat tilida toponimlar yozilishining belgilangan qoidalariga muvofiq, kelib tushgan takliflardan har bir bekat uchun eng mos nomni tanlab olgan”, deyiladi xabarda.






