Toshkent - Mo‘ynoq - Nukus aviaqatnovi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-fevral kuni Mo‘ynoq shahriga tashrifi doirasida shahar bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Prezidentimizning Mo‘ynoqqa 2018 va 2019-yillardagi tashrifi chog’ida transport kommunikatsiyalarini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan edi. Shunga muvofiq, avtomobil yo‘llari ta’mirlandi. Mo‘ynoq aeroporti yangilanib, ishga tushirildi. Aeroportda 50 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qo‘nish yo‘lagi va maydonchalar ta’mirlangan. Majmua atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan.

Prezident shu yerda mo‘ynoqlik yoshi ulug'lar, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar bilan uchrashdi.

"Oxirgi besh yilda ko‘p narsani o‘rgandik, ilgari ishonilmagan narsalarga ishondik. Men birinchi kelganimda «madaniyat Mo‘ynoqdan boshlanadi» degandim. Shunday bo‘layapti. Mana shu aeroport ham bir misol. Endi Toshkent - Mo‘ynoq - Nukus aviaqatnovi yo‘lga qo‘yiladi", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tashrifdagi yana bir yangilik - Orolbo‘yini birgalikda rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari muayyan viloyatlarga biriktirilgan. Prezident buning sababi va ahamiyatini tushuntirib berdi.

"Orolbo‘yida ahvol yomon deb ko‘pchilik gapiradi. Lekin hamma ham bu yerga kelib ko‘rmagan. Orolning havosidan nafas olishi, sharoitni ko‘rib, adolatli baho berishi uchun bu yerga butun respublikadan rahbarlarni yubordim. Qoraqalpog‘iston rivojiga katta mablag‘ yo‘naltiramiz", dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Mo‘ynoqdagi dolzarb masalalar, kelgusi ishlar bo‘yicha aholi fikrini so‘radi.