Toshkent shahar hokimligida Turkiya elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Toshkent shahri hokimi v.b Baxtiyor Rahmonov Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi.
O‘zaro muloqot davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va kengaytirish borasida fikr almashildi.
Baxtiyor Rahmonov turk elchisiga zilzilalar oqibatida yuzaga kelgan og‘ir vaziyatdan tez orada chiqishga umid bildirib, yurtimiz, shuningdek, poytaxtimiz Turkiya xalqiga yordam berishga doimo tayyorligini aytib o‘tdi. Suhbat davomida Toshkent bilan Turkiyaning yirik shaharlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Olgan Bekar samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilib, Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ijobiy samaralarini eʼtirof etdi. Joriy yilning oktabr oyida Turkiya Respublikasi tashkil topganligining 100 yilligi nishonlanishini bildirib, shu munosabat bilan Toshkentda madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish yuzasidan o‘z takliflarini kiritdi.
B.Rahmonov bildirilgan takliflarni mutasaddilar bilan birgalikda o‘rganib, natijasi haqida maʼlum qilishini bildirdi.






