Toshkent shahar YHXB xodimlariga test uchun elektr transport vositalari berildi

Toshkent shahar yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlariga ushbu transportning afzalliklari yoki kamchiliklarini aniqlash maqsadida 2 ta elektr avtomobil berildi.

"Eksperimentdan ko'zlangan maqsad ichki ishlar organlarida foydalaniladigan avtomobillarga nisbatan ushbu transport vositasining ustunligini yoki kamchiliklarini aniqlashdan iborat",-deya qayd etdi Toshkent shahar YHXB matbuot xizmatida.

Yuqoridagi elektr transport vositalarining markasi-ORA iQ. Ular Xitoy ishlab chiqaruvchisi great Wall Motors tomonidan 2018 yildan buyon ishlab chiqariladi. To'liq zaryadda elektr avtomobilining quvvat zahirasi o'rtacha 320-350 km, zaryad muddati esa 6-7 soat.

Ta'kidlash joizki, ushbu turdagi transport vositasi benzin bilan emas, balki elektr energiyasi bilan ishlaydi, bu esa o'z navbatida tabiatga zarar yetkazmaydigan ekologik xavfsiz transport vositasidir.