Toshkent shahrida Oʼzbekiston-Latviya biznes-forumi boʼlib oʼtdi

Toshkent shahrida Latviya Respublikasi hukumati va ishbilarmon doiralari delegatsiyasining Oʼzbekiston Respublikasiga tashrifi davomida Oʼzbekiston-Latviya biznes-forumi boʼlib oʼtdi. Tadbirda Latviya va Oʼzbekiston ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, unda Oʼzbekiston tomonidan qator vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari qatnashdi.

Forumning ochilish marosimida delegatsiyalar rahbarlari - Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Latviya Respublikasi tashqi ishlar vaziri E.Rinkevichs soʼzga chiqdi.

Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari istiqbolli tarmoqlarda oʼzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, oʼzaro savdo hajmini oshirishni nazarda tutgan holda Latviya va Oʼzbekiston tadbirkorlari va investorlarini amaliy hamkorlikka jalb etish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ikki mamlakat hamkorligini faollashtirishga sodiqligini taʼkidladilar.

Tadbir yakunida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari ishbilarmon doiralarni ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikning yangi "oʼsish nuqtalari" ustida birgalikda faol ish olib borishga va konstruktiv muloqot oʼrnatishga chaqirdi.

Forum yakunlari boʼyicha Oʼzbekiston-Latviya Ishbilarmonlar kengashi ikkinchi yigʼilishining Bayonnomasi hamda “IT-Park” (Oʼzbekiston) va Latviyaning “ShipleArt” kompaniyasi oʼrtasida Oʼzbekistonda startap loyihalarini amalga oshirish uchun moliyalashtirishni jalb qilishni nazarda tutuvchi Аxborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiyalarni rivojlantirish boʼyicha hamkorlik toʼgʼrisida Memorandum imzolandi.