Toshkent shahridagi har bir mahallaga 10 milliard soʼmdan ajratiladi - Shavkat Mirziyoyev

Mablag‘ning yarmi mahallalarda aholi bandligini ta'minlashga yo‘naltiriladi.

"Joriy yilda poytaxt aholisi bilan uchrashganimda mahallalarni obod qilish boʼyicha oldimga koʼplab muammolarni koʼtarib chiqishdi. Bularni hal qilish uchun har bir mahallaga 2 mlrd soʼm berilgani, mablagʼlar jamoatchilik takliflari va ularning bevosita nazorati ostida sarflanayotgani oʼz samarasini berdi.

Ushbu tajribani tizimli davom ettirib, ajratilayotgan mablagʼlarni yanada koʼpaytiramiz. Buning uchun 575 ta mahallani rivojlantirish boʼyicha shahar hokimligi qoshida alohida jamgʼarma tashkil etiladi hamda har bir mahallaga 10 mlrd soʼmdan ajratiladi. Bu shahar boʼyicha qariyb 600 mln dollar mablagʼ deganidir.

Bunda, ushbu mablagʼlarning 5 mlrd soʼmi aholi takliflari asosida, ochiq va shaffof “Fuqarolar byudjeti” tizimidan foydalanib, eng dolzarb boʼlgan ijtimoiy va kommunal loyihalarga sarflanadi. Yana 5 mlrd soʼmi esa mahallada bandlikni taʼminlash, kichik va oilaviy tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlashga yoʼnaltiriladi. Ushbu mablagʼdan samarali foydalanishga yangi ish boshlaydigan hokim yordamchilari masʼul boʼladi.

Umuman olganda, Toshkent shahar hokimligida Poytaxt iqtisodiyoti va urbanizatsiya masalalari bilan tizimli shugʼullanadigan ilmiy markaz ochiladi. Ushbu markaz aholi orasida doimiy soʼrovlar oʼtkazib, mavjud muammolarning ilmiy yechimlarini ishlab chiqadi", dedi amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev.