Toshkent viloyatida 39 mingta ish o'rni yaratish rejalashtirilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni Toshkent viloyatida sanoatni rivojlantirish bo'yicha yig'ilish o'tkazdi.

Qayd etilganidek, yilning birinchi yarmida ishlab chiqarish 4,6 foizga o'sdi va 7,7 trillion so'mni tashkil etdi. Yil ohiriga qadar ushbu ko'rsatkichni 8,5 foizga oshirib, ishlab chiqarishni 18 trillion so'mga yetkazish rejasi qo'yildi.

Yig'ilishda transport va logistika, xizmat ko'rsatish, qishloq xo'jaligi va qurilish sohalarida istiqbolli loyihalar taqdimotlari namoyish etildi.

Shuningdek, ayrim tumanlar bo'yicha korxonalar ishlab chiqarish va soni bo'yicha statistika taqdim etildi:

Zangiota tumanida 1 494 sanoat korxonasi faoliyat ko'rsatmoqda. Joriy yilning dastlabki olti oyida ular tomonidan qiymati 600 milliard so'mga yaqin mahsulot ishlab chiqarildi.
Angrenda 577 korxona faoliyat ko'rsatmoqda. Joriy yilning dastlabki olti oyida bu yerda 2 trillion so'mdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi.
Bundan tashqari, 560 million dollarlik 124 loyiha shakllantirildi. Natijada 3 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega, 39 ming yangi ish o'rni yaratish rejalashtirilgan.

Zavodlar faoliyatini kengaytirish, sanoatlashtirish darajasi past bo'lgan tumanlarda korxonalar tashkil etish, yo'l bo'yida servis xizmatini rivojlantirish bo'yicha topshiriqlar berildi.