Toshkent viloyatiga yangi hokim tayinlandi

Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo'lib o'tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda, deya xabar beradi Prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari nutqining avvalida yig'ilganlarni kelayotgan Navro'z bayrami bilan tabrikladi va Toshkent viloyati mamlakatimiz taraqqiyotida yetakchi o'rin tutishini ta'kidlab o’tdi.

- Toshkent viloyatida sanoat, qishloq xo'jaligi, savdo, xizmat ko'rsatish bo’yicha ulkan salohiyat bor. Shuning uchun viloyatga juda katta marra qo’yganmiz. Lekin, shunga yarasha natija sezilmayapti, o’rta bo’g’in rahbarlari “aravani tortolmayapti”. Endi bizga faqat paxta, g’alla deb yuraveradigan hokimlar kerak emas. Paxta bilan g’allani manfaat qilishi kerak. Hokim esa hozirgi zamonga munosib, ustuvor yo’nalishlarni yaxshi biladigan va joy-joyiga qo’yadigan, viloyatdagi 2 million 994 ming aholini rozi qiladigan bo’lishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada tashkiliy masala ko'rib chiqildi. Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati hokimi lavozimiga viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Davron Hidoyatovning nomzodini tavsiya etdi.

So‘zga chiqqan xalq deputatlari va viloyat faollari nomzod haqida o‘z fikrlarini bildirdilar. Ovoz berish natijalariga ko'ra Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi tomonidan tasdiqlandi.