Toshkent viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivoji istiqbollari oʼrganildi

Joriy yilning 19-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh Toshkent viloyatining sanoat va ijtimoiy-iqtisodiy rivoji hamda uni jadallashtirishni ragʼbatlantirish boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar monitoringini oʼtkazdi.
Sanoat ishlab chiqarish obyektlari va korxonalariga tashrif buyurildi, ular misolida turli tarmoqlarning rivojlanish masalalari, shuningdek yangi ish oʼrinlari yaratish boʼyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar oʼrganildi.
Ishchi guruh aʼzolari tadbirkorlar va eksportchilar bilan bevosita muloqot orqali ishlab chiqarish va eksport faoliyati jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilib, ularni hal qilish mexanizmlarini ishlab chiqdilar. Ularni bevosita joylarda amalga oshirish boʼyicha mutasaddi rahbarlarga koʼrsatmalar berildi.
Hudud sanoatini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ichki bozorda talab ortib borayotgan, asosan import qilinadigan mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan loyihalarni hayotga tatbiq etishda investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan, hududiy import tarkibini har tomonlama tahlil qilish, aniq tovar turlarini aniqlash va Toshkent viloyatida ushbu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyish boʼyicha loyihaviy takliflarni ishlab chiqish boʼyicha koʼrsatmalar berildi.






