Toshkent xalqaro moliyaviy markazi barpo etiladi

Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.
“Kelajakda Toshkent shahrini ilgʼor innovatsion va investitsion hududga aylantiramiz. Shaharda joylashgan ogʼir sanoat korxonalari poytaxt tashqarisiga bosqichma-bosqich koʼchiriladi. Shaharda esa yuqori texnologiyali innovatsion tarmoqlar – elektronika va elektrotexnika, Аy-Ti injiniring, biotexnologiya korxonalari joylashadi.
“Oʼzekspomarkaz” hududida Toshkent xalqaro moliyaviy markazi barpo etiladi va unda faoliyat yuritadigan xalqaro banklar, moliyaviy institutlar, yuridik, konsalting va investitsion kompaniyalarga qulay sharoitlar yaratiladi. Ushbu markaz nafaqat Oʼzbekiston, balki mintaqamiz uchun Investitsiyalar xabiga aylanadi.
Shahar uchun alohida Ilgʼor loyihalar va injiniring markazi ochiladi. Shuningdek, kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida, “taʼlim – ilm – tadqiqot” tamoyili asosida har bir oliygoh oʼquv dasturlari “yashil” va “raqamli” iqtisodiyotga yoʼnaltirish uchun transformatsiya qilinadi. Ushbu tizimning oʼzagi Yangi Oʼzbekiston universiteti boʼladi.
Har bir tumanda Innovatsiya va texnologiya markazi hamda “loyiha guruhlari” tashkil etilib, ularda davlat-xususiy sheriklik asosida alohida texnopark va Аy-Ti maktabi faoliyat yuritadi. Istiqbolli loyihalarga Toʼgʼridan toʼgʼri investitsiyalar jamgʼarmasi 30 foiz ulush bilan kiradi va bunga 200 mln dollar ajratiladi.
Yangi tashkil etiladigan Oʼzbekiston taraqqiyot banki tomonidan Toshkent shahri tadbirkorlariga qulay shartlarda uzoq muddatli kreditlar ajratish uchun 1 milliard dollar resurslar tijorat banklari orqali emas, balki toʼgʼridan toʼgʼri yoʼnaltiriladi. Poytaxtga investitsiya va ilgʼor texnologiyalar, eng nufuzli xalqaro kompaniyalarni keng jalb qilish uchun kelgusi yili “Toshkent xalqaro investitsiya forumi” oʼtkaziladi. Bu orqali qoʼshimcha 10 milliard dollar investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini yaratamiz.
Umuman, Toshkent shahrida keyingi besh yilda 14 milliard dollarlik 2 mingga yaqin investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 250 mingta yangi ish oʼrinlari tashkil etiladi. Toshkent shahri atrofida “sanoat belbogʼi” tashkil qilinib, Bektemir, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlari yuqori daromad keltiruvchi sanoat tarmoqlariga moslashtiriladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.






