Toshkentda imtiyozlar tizimi «GSP +» ga bag'ishlangan seminar tashkil etildi

24-iyun kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi bilan birgalikda «Preferensiyalar bosh tizimi plyus («GSP+») doirasida O‘zbekiston va YeI o‘zaro hamkorligi» mavzusida seminar o‘tkazildi, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Invistitsiyalar va tashqi savdo vazirligi.

Yalpi majlisda Yevropa komissiyasining Ijrochi vitse-raisi va Yevropa Ittifoqi savdo komissari V.Dombrovskis videokonferensiya orqali murojaat qildi:

«GSP» tizimining standart preferensiyalari qo‘llanilganda YeIga olib kirilayotgan o‘zbek tovarlarining umumiy qiymati 108 million yevroni tashkil etgan edi. Bunda, import qiluvchilar pasaytirilgan tariflardan foydalanib, qariyb 2,5 million yevro tejashgan edi. «GSP+» preferensiyalari qo‘llanilganda bu ko‘rsatkich qariyb uch barobar ko‘p bo‘lishi mumkin edi», deb ta’kidladi u o‘z chiqishida.

Eslatib o'tamiz, oldin O'zbekiston «GSP» roʻyxatiga kiritilgan bo'lib, unda O'zbekiston YeI mamlakatlariga 3000 ta tovar bojxona to‘lovlarisiz va 3200 ta tovar pasaytirilgan stavkalarda eksport qilishi mumkin edi. 2021-yil 10-aprelda O'zbekiston «GSP +»roʻyxatiga kiritildi. Bu O'zbekistonni eksport salohiyatini oshirdi, chunki o‘zbek eksportchilari uchun 6200 turdagi mahsulotlarni YeI mamlakatlariga yetkazib berishda bojlar bekor qilindi.