Toshkentda MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya MOQ rahbarlari ishtirokidagi mintaqaviy forum o‘z ishini boshladi

Poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya MOQ rahbarlari ishtirokidagi mintaqaviy forum o‘z ishini boshladi.
Tadbirda mamlakatimiz nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston MOQ rahbariyati, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalarimiz mutasaddilari ishtirok etishdi.
Forumni Aziz Abduhakimov ochib berdi va mehmonlarga mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, Prezidentimizning sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, jismoniy tarbiya va sportga qaratayotgan e’tibori xususida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirning ochilish qismida Otabek Umarov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
“Bugungi kunda Sobiq Ittifoq hududidagi barcha mamlakatlarni birlashtiruvchi platformalar unchalik ko‘p emas. Ular orasida o‘zaro tushunish va hamkorlik muhiti hukm surayotganlari undanda kamroq. Quvonarlisi, MOQ rahbarlari forumi aynan shunday hamkorlik formatlariga taalluqlidir. Bugun 2020 yildagi majburiy tanaffusdan so‘ng biz Toshkentda uchrashganimizdan cheksiz xursandman. Muloqot samimiy va munozaralar samarali bo‘lishiga chin dildan umid qilaman. Chunki undagi umumiy maqsad ko‘z o‘ngimizda o‘zgarayotgan dunyoda olimpizm tamoyillari va g‘oyalarini ilgari surishga undaydi”.






