Toshkentda mintaqaviy hamkorlik boʼyicha xalqaro konferensiya bo’lib o’tmoqda

Bugun, 3-mart kuni poytaxtimizda «BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʼyicha Qoʼshma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo malakatlarining mintaqaviy hamkorligi» mavzusida xalqaro anjuman bo’lib o’tmoqda. Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov moderatorlik qilmoqda.
Tadbir Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Tashqi ishlar vazirligi, BMT tuzilmalari — Terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi va Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʼyicha mintaqaviy markaz hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan tashkil etilmoqda.
Gibrid formatda oʼtadigan anjumanda XXR, Rossiya, АQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Markaziy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq hamda boshqa mintaqalar mamlakatlaridan 600 nafarga yaqin yuqori martabali shaxs, milliy va xorijiy tahliliy markazlar yetakchi ekspertlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari mutaxassislari qatnashmoqda.
Аnjumanning ochilish marosimida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan murojaatnoma oʼqib eshittirildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Аntoniu Guterrish xalqaro konferensiya ishtirokchilariga onlayn tarzda videomurojaat yoʼlladi.
3-4-mart kunlari boʼlib oʼtadigan nufuzli tadbirning yakuniy hujjati sifatida Toshkent deklaratsiyasi va Qoʼshma harakatlar rejasining yangi tahriri qabul qilinishi rejalashtirilgan.






