Toshkentda Oʼzbekiston JSTga qoʼshilishi jarayoni doirasida donorlar uchrashuvi boʼlib oʼtdi

Oʼzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʼlish jarayoni doirasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan birgalikda donor davlatlar va tegishli xalqaro tashkilotlar bilan oʼzaro hamkorlikni muvofiqlashtirishga qaratilgan uchrashuv oʼtkazdi.
Tadbirdan maqsad respublikaning JSTga aʼzo boʼlish jarayonida texnik yordam loyihalarini amalga oshirishning hozirgi holatini muhokama qilish hamda bajarilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat.
Uchrashuvda JST kotibiyati, BMTTD, UNCTAD/WTO Xalqaro savdo markazi, USAID, Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti (KXISI), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʼjaligi tashkilotining 50 dan ortiq vakillari, shuningdek xorijiy davlatlarning Oʼzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.
Oʼzbek tomoni ishtirokchilarga Oʼzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʼlishining hozirgi holati va istiqbollarini, shu jumladan JST ishchi guruhining 2022-yil iyun oyida muvaffaqiyatli oʼtkazilgan 5-yigʼilishining asosiy natijalarini taqdim etdi. Shuningdek, JST kotibiyati bilan tegishli hujjatlarni tayyorlash va muzokaralar jarayonini ilgari surish boʼyicha olib borilayotgan ishlar toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berildi.






