Toshkentda ShHT iqtisodiy forumiga bagʼishlangan brifing boʼlib oʼtdi

Joriy yilning 16-17-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasining Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Raislik qilishi doirasida Toshkent shahrida II-Iqtisodiy forum o‘tkazilishi munosabati bilan bugun, 12-avgust kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida mazkur forumga bag’ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʼrinbosari Аziz Voitov ishtirok etib, OAV vakillariga bo’lajak forum haqida ma’lumot berib, tadbirni mintaqaviy va xalqaro kun tartibidan kelib chiqqan holda o‘tkazish muhimligini qayd etdi.
Joriy yilning avgust oyida O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasida bir qancha muhim xalqaro tadbirlar bo‘lib o‘tdi, bu esa jahon hamjamiyatining e’tiborini mintaqaviy xarakterdagi eng muhim masalalarga qaratish imkonini berdi. Iqtisodiy forum mamlakatimiz tomonidan keyingi yillarda amalga oshirilayotgan va ayniqsa, joriy yilda O‘zbekistonning ShHTga raisligi munosabati bilan yanada faollashgan ko‘p vektorli tashqi iqtisodiy siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bunday formatdagi Forumni Toshkentda o‘tkazish tashabbusi 2020-yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi.
Forumning asosiy maqsadlari savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini, shuningdek, iqtisodiy rivojlanish istiqbollari va ShHT makonida amaliy hamkorlikni muhokama qilish, Forumga a’zo davlatlarning sarmoyaviy salohiyatini namoyish etish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash va salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Forumda ShHTga aʼzo davlatlarning davlat organlari, tashqi iqtisodiy faoliyatga masʼul vazirliklari rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi. Uning dasturidan yalpi majlis va panel sessiyalar o’rin olgan.






