Toshkentda ShHTning navbatdagi Xotin-qizlar forumi boʼlib oʼtdi

Joriy yilning 18-19-avgust kunlari Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi Xotin-qizlar forumi boʼlib oʼtdi. Unda tashkilotga aʼzo 8 ta davlat, xususan, Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʼzbekiston toʼgʼridan-toʼgʼri, Hindiston va Xitoyning yetakchi xotin-qizlari esa onlayn tarzda ishtirok etdi.
Forumni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish soʼzi bilan ochar ekan, ShHT oʼtgan 21 yil davomida uzoq evolyutsion yoʼlni bosib oʼtganini, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash va barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish masalalarida samarali tuzilma sifatida oʼzini namoyon qilganini, tashkilotning xalqaro maydondagi roli va oʼrni ortib borayotanini alohida taʼkidlab oʼtdi.
ShHTga aʼzo davlatlar hukumatlarining tashabbuslari, xotin-qizlar harakati va tashkilotlarining faol ishtiroki tufayli keyingi yillarda ShHT doirasida ayollar hamkorlik imkoniyatlari yanada kengaydi. Ularning faol muloqoti, shu jumladan, ShHT Xotin-qizlar forumi yoʼlga qoʼyildi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan keyingi yillarda ayollar teng huquqliligi, siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi toʼlaqonli ishtiroki mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishi hamda ShHTga aʼzo davlatlarda jamiyatni demokratlashtirish va barqarorlikni taʼminlashning muhim sharti sifatida qaralayotgani qayd etildi.
Oʼzbekistonda ham soʼnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida bu boradagi saʼy-harakatlar yanada jadallashdi. Xususan, mamlakatda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʼtarildi.
Mazkur yoʼnalishdagi ishlar “Hech bir ayol davlat va jamiyat eʼtiboridan chetda qolmaydi” degan qatʼiy tamoyil asosida barcha sohalarda tashkil etildi.






