Toshkentda «Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot haftaligi» bo’lib o’tmoqda

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotiga tayyorgarlik koʼrish doirasida joriy yilning 17 va 18-avgust kunlari “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot haftaligi” oʼtkazilishi haqida ma’lum qilingan edi. Bugun, 17-avgust kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida muloqot haftaligi doirasida 1-Panel sessiya bo‘lib o‘tdi.

Unda iqtisodiyotni rivojlantirish, savdo va investitsiyalarni jalb qilish uchun mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari, biznes va xalqaro moliya tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan 2021-yil 20-avgust – mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb belgilandi. Shu munosabat bilan har yili tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ularning muammo va vazifalarini tahlil qilish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan ishbilarmonlik vakillarining taklif va tashabbuslari bilan yaqindan tanishish belgilandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov so‘zga chiqib, o‘z nutqida mamlakatimizning sarmoyaviy jozibadorligini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar samarasini qayd etdi.

Xususan, valyuta bozorini tartibga solishda yangicha yondashuvni shakllantirish, bank-moliya tizimini mustahkamlash va isloh qilish, tadbirkorlik subyektlaridan olinadigan soliqlarni kamaytirish, investorlar uchun qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar joriy etish, tashqi savdo tizimini yanada liberallashtirish, qonunchilik bazasini mustahkamlash, investorlar manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston”ni yaratishda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi sa’y xarakatlar ta’kidlandi.