Toshkentda UzCharmExpo – 2022 xalqaro koʼrgazmasi oʼz ishini boshladi

Joriy yilning 25-may kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi koʼmagida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan tashkil qilingan Markaziy Osiyodagi eng yirik koʼrgazma tadbirlaridan biri hisoblangan “UzCharmExpo – 2022” charm - poyabzal, charm - attorlik buyumlari, moʼyna va junning 12-Xalqaro koʼrgazma-yarmarkasi oʼz ishini boshladi.

Koʼrgazmaning ochilish marosimida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʼzcharmsanoat” Uyushmasi rahbariyati, xorijiy mehmonlar, tadbirkorlar, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlardagi ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar qatnashdi.

Soʼnggi 5 yil ichida sohaga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 632 million dollardan oshdi, yillik charm va poyabzal ishlab chiqarilishi 5,8 baravar koʼpaydi hamda eksport hajmi 420 million dollarga yetdi.

Аnʼanaga koʼra, ekspozitsiya geografiyasi Rossiya, Belorusiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Ispaniya, Polsha va boshqa mamlakatlarini qamrab oldi. Faxriy mehmonlar orasida Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi, Xalqaro moʼyna federatsiyasi, xorijiy tarmoq assotsiatsiya va uyushmalari rahbarlari bor. Bu yil koʼrgazmada ishtirok etish uchun 400 dan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari murojjat qildi.

UzCharmExpo oʼz ishtirokchi va mehmonlarini nafaqat turli hududlardagi sanoat korxonalarining ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishtiradi, balki yangi munosabatlarni oʼrnatmoqchi boʼlgan tadbirkorlarni ham taklif etadi. “B2B” va “G2B” muzokaralari, bevosita muloqot va taqdimotlar formati manfaatlar kesishadigan nuqtalarni kashf etishga, yangi loyihalarni ishlab chiqishga va joylarda shartnomalar imzolashga imkon beradi, va bu shubhasiz tadbirning yakuniy natijalarida oʼz aksini topadi. Аmmo hozircha UzCharmExponi 27-maygacha boʼlgan 3 kunlik sermahsul faoliyat kutmoqda.