Toshkentning 10 ta ko‘chasida pullik avtomatlashtirilgan parkovkalar ishga tushadi

1-noyabrgacha Toshkentning Amir Temur, Nukus, Mirobod, Shevchenko va boshqa ko‘chalarida (jami — 10ta) avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik avtomobil to‘xtash joylari tashkil etiladi.
Toshkent shahrida avtomobillar uchun yagona yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tizimi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Toshkent shahridagi tirbandliklarni, markaziy ko‘chalarda transport oqimini kamaytirish, jamoat transportining o‘rtacha harakatlanish tezligini oshirish, avtomobillarning yo‘l bo‘yida betartib to‘xtashini tartibga solish, aholining jamoat transportidan foydalanishini rag‘batlantirish maqsadida shaharda yagona avtomobil yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tizimi tashkil etiladi.
Avtomatlashtirilgan “parkovka"lar 2022-yil 1-noyabrga qadar davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida birinchi bosqichda 10 ta — xususan, «Fidokor», «Amir Temur», «Nukus», «Bratislava», «Mirobod», «Glinka», «Avliyoota», «Shevchenko», «Said Baraka», «Moshtabib» va «Yakub Kolas» ko‘chalarida, kelgusida talabdan kelib chiqib boshqa ko‘chalarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.






