Toyota elektromobillarni qaytarib olmoqda

Motorsanoat giganti Toyota o'zining ilk ommaviy ishlab chiqarilgan 2700 ta to'liq elektr avtomobillarini g'ildiraklardagi nuqson sababli qaytarib olmoqda.

24-iyun kuni Toyota o'z bayonotida AQSh, Yevropa, Kanada va Yaponiyadagi 2700 ta bZ4X sport avtomobillarini xavfsizlik yuzasidan ortga qaytarib olayotganini ma’lum qildi.

Kompaniya matbuot kotibining BBCga xabar berishicha, bZ4X g'ildiraklaridagi murvatlar g'ildirak transport vositasidan ajraladigan darajada bo'shashishi kuzatilmoqda.

Eslatib o’tamiz, ushbu turdagi mashinalarning Yaponiyada sotuvga chiqarilganiga ikki oydan ortiq vaqt bo’lgani yo’q.

Yana bir avtomobil ishlab chiqaruvchi Subaru ham xuddi shu sababga ko'ra Toyota bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan 403 ta elektromobilni qaytarib olishini rejalashtirmoqda.

"Agar haydash paytida g'ildirak transport vositasidan ajralib ketsa, avtomobil boshqaruvini yo'qotishiga olib kelishi mumkin. Bu esa avariya xavfini oshiradi", dedi matbuot kotibi.

“Muammoga chora koʻrilmaguncha hech kimga ushbu turdagi vositani boshqarishni maslahat bermaymiz”, — deya qoʻshimcha qildi kompaniya.