Toʼqimachilik sanoatidagi islohotlar xalqaro darajada eʼtirof etildi

16-noyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Narbayevaning mamlakatimizga "Better Cotton Initiattive" (BCI) xalqaro tashkilotining Oʼzbekistondagi faoliyatiga bagʼishlangan davra suhbatida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan ushbu tashkilotining Bosh direktori Аlan Makkley bilan uchrashuvi boʼlib oʼtdi.
Suhbatda Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva mamlakatimizda keyingi yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar singari, mehnat munosabatlari, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, paxta va toʼqimachilik sanoatida sezilarli oʼzgarishlar boʼlgani, sohada keng koʼlamli tizimli ishlar amalga oshirilganini taʼkidladi.
Oʼzbekistonda samarali investitsiyaviy faoliyat va biznes yuritish uchun barcha zarur shart-sharoitlar, muhimi, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida munosib mehnatni tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganiga urgʼu berildi.
Qayd etilganidek, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan keng koʼlamli islohotlar natijasida oʼzbek paxtasiga qoʼyilgan boykotning bekor qilinishidan soʼng xalqaro brend va yirik kompaniyalar mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga intilmoqda. Paxta-toʼqimachilik sanoatidagi korxonalar faoliyatiga xalqaro standartlarni keng tatbiq qilish orqali brend korxonalarni jalb etish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Muloqot davomida tomonlar xalqaro standartlarni joriy qilish hamda oʼzaro hamkorlikni rivojlantirish, ushbu jarayonlarda yangi loyihalarni amalga oshirish orqali toʼqimachilik sohasini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.






