Transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin

Hukumat 1-maydan kuchga kiradigan yangi yo‘l harakati qoidalarini tasdiqladi. Unga ko’ra, 1-maydan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlaridagi gavjum ko‘chalarda 60 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanish taqiqlanishi mumkin.
Tegishli hujjatga muvofiq:
barcha aholi punktlarida avtotransport vositalarining tezligi 70 km/soatdan, maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalari atrofidagi yo‘llarda 30 km/soatgacha, aholi turar joylari va ularga tutash hududlarda (turar-joy binolari orasidagi hududlarda) 20 km/soatdan oshmasligi kerak.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi qarori bilan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi yo‘l harakati qatnovi yuqori bo‘lgan va aholi gavjum hududlarda transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin.
Shuningdek, yangi qoidalarga ko‘ra endilikda:
yengil avtomobillarda yuk tashishga ularning tom qismiga o‘rnatilgan yukxonadagi yukning balandligi 1 metrdan (maxsus moslamalar bilan mustahkamlangan holda velosipedlarni tashish bundan mustasno) va uzunligi avtomobilning gabaritidan 0,5 metrdan oshmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi;
yuk avtomobillari, ayrim istisnolardan tashqari barcha holatlarda, yo‘lning faqat o‘ng qatnov qismidan harakatlanishi shart bo‘ladi;
transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr yetmasdan yoki o‘tib to‘xtash taqiqlanadi;
sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementlar bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi lozim.
O‘zgartirishlar 2022-yilning 1-mayidan kuchga kiradi.






